«Inter» va Sloveniya terma jamoasi sobiq darvozaboni Samir Xandanovich ijtimoiy tarmoqlarda Milan klubini tark etayotganini ma’lum qildi. Mutaxassis bungacha «neradzurrilar»ning yoshlar jamoasida murabbiy sifatida faoliyat yuritayotgan edi.
«Menga hech qachon faoliyatim tarixini raqamlar bilan so‘zlab berish yoqmagan. Ammo 14 yillik yo‘l o‘z nihoyasiga yetar ekan, ortga nazar tashlamay va bu yo‘l menga nima bergani haqida o‘ylamay iloj yo‘q. «Inter» men uchun shunchaki jamoadan ancha ustun edi: u mening uyim va taqdirimda chuqur iz qoldirgan insonlar edi. Muhim bir bob yakuniga yetmoqda, biroq men xotiralar, saboqlar va minnatdorchilik tuyg‘usini saqlab qolaman», — deyiladi Xandanovichning postida.
Sloveniyalik darvozabon «neradzurrilar»ning sobiq sardori hisoblanadi. U «Udineze»dan 15 million yevro evaziga ko‘chib o‘tib, 11 yil davomida (2012 yil yozidan boshlab) «Inter» sharafini himoya qilgan.













