«Chelsi»ning sobiq egasi va prezidenti Ken Beyts 94 yoshida olamdan o‘tdi. U o‘z vaqtida klubni 1 (bir) funt sterlingga sotib olgan edi. Bu voqea 1982 yilda, London klubi Angliya futboli ikkinchi divizionida achinarli ahvolda bo‘lgan va tarixidagi eng og‘ir moliyaviy inqirozni boshidan kechirayotgan paytda yuz bergan. Beyts klubni yigirma yildan ortiq vaqt davomida — Roman Abramovichga sotguniga qadar boshqardi.
Albatta, shundan so‘ng klub tarixida yangi era boshlandi, ammo Beyts davrida ham muvaffaqiyatlar bo‘lgan — masalan, Angliya Kubogida ikkita g‘alaba, Kubok egalari Kubogi va UYEFA Superkubogidagi zafarlar. Uning qo‘l ostida Ruud Gullit, Roberto di Matteo kabi futbolchilar to‘p surishgan, shuningdek, Frank Lempard ham faoliyatini aynan shu yerda boshlagan.













