«Bavariya» yozgi transfer oynasida Brayan Saragosa bilan xayrlashishni rejalashtirmoqda. Ispaniyalik vinger Myunxen klubining keyingi mavsum uchun rejalariga kiritilmagan.
Orgullobiri nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, 24 yoshli futbolchiga «Sevilya», «Alaves» va «Espanyol» klublari qiziqish bildirmoqda. Hozircha ushbu jamoalarning hech biri rasmiy taklif yubormagan, biroq futbolchi atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishmoqda.
Ortda qolgan mavsum Saragosa uchun juda omadsiz keldi. U mavsumning birinchi yarmini ijara asosida «Selta»da o‘tkazdi, qishda esa «Roma»ga ko‘chib o‘tdi. Tizzasidagi jarohat muammolari tufayli ispaniyalik futbolchi Rim klubi tarkibida muqim joy egallay olmadi va mavsumning ikkinchi qismida bor-yo‘g‘i 4 ta o‘yinda maydonga tushdi, xolos.
Qayd etilishicha, Saragosani sotib olmoqchi bo‘lgan potensial da’vogarlar avval futbolchining jarohatdan to‘liq sog‘ayganiga ishonch hosil qilishni istashmoqda.













