«Barselona» hujumchisi Ferran Torres yaqin kelajakda sotib yuborilishi mumkin.
Ispaniyalik futbolchining amaldagi shartnomasi bir yildan so‘ng o‘z nihoyasiga yetadi, biroq «ko‘k-anorranglilar» bitimni uzaytirishga unchalik ishtiyoqmand emaslar — jurnalist Pol Ballusning xabar berishicha, yangi shartnoma imzolangan taqdirda, klub «Manchester Siti»ga yana 7-8 million yevro to‘lab berishi kerak bo‘ladi. Bunday shartlar 2021 yilda, «shaharliklar» hujumchini kataloniyaliklarga sotgan vaqtda klublar o‘rtasida kelishib olingan edi. Aynan shu sababli «Barsa» 26 yoshli futbolchini sotishga tayyor.
Torres La Liga grandi safiga 2022 yil boshida 55 million yevro evaziga kelib qo‘shilgan edi. Transfermarkt baholashicha, Ferranning hozirgi bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.













