«Tottenxem» va Ispaniya terma jamoasi o‘ng qanot himoyachisi Pedro Porroning «Barselona»ga o‘tishi dargumon.
Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi «ko‘k-anorranglilar» prezidenti Joan Laporta va sport direktori Dekuga yoqadi, ammo transferning amalga oshishi juda kam ehtimol. Yaqinda futbolchi «shporlar» bilan shartnomasini uzaytirib, maoshini oshirib olgan. Shuningdek, kataloniyaliklar klubi himoyaning o‘ng qanotida shoshilinch kuchaytirishga ehtiyoj yo‘q deb hisoblaydi.
Pedro Porroga La Liganing yana bir grandi — Madridning «Real» klubi ham qiziqish bildirmoqda. Transfermarkt portali bahosiga ko‘ra, lateralning bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etadi, uning «Tottenxem» bilan yangi shartnomasi 2031 yilgacha mo‘ljallangan.













