«Antverpen» sobiq himoyachisi Tobi Alderveyreld Belgiya klubining nazorat paketi aksiyalarini sotib oluvchi konsorsium tarkibiga kirdi.
«Anderlext»ning sobiq prezidenti Vuter Vandenxaute boshchiligidagi investorlar guruhi «Antverpen»ning amaldagi egasi Pol Geyssens bilan prinsipial kelishuvga erishdi. Qiymati o‘nlab million yevroni tashkil etuvchi ushbu kelishuv yaqin kunlarda uzil-kesil rasmiylashtirilishi rejalashtirilgan.
«Yangi konsorsiumimizga qo‘shilgan antverpenlik tadbirkorlarga minnatdorchilik bildirmoqchimiz. Ularning mas’uliyati va klubga bo‘lgan muhabbati bizni qattiq ta’sirlantirdi. Biz birgalikda «Antverpen»ning kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmamizga olishga tayyormiz», — deyiladi Alderveyreld va Vandenxautening qo‘shma bayonotida.
HLN bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuvning amalga oshishiga Belgiya bosh vaziri Bart de Vever ham hissa qo‘shgan va u Ethias sug‘urta kompaniyasi bilan muzokaralarda ishtirok etgan. Klub bosh direktori Sven Jak o‘z lavozimini saqlab qoladi va u ham «Antverpen» aksiyadoriga aylanadi.
O‘tgan mavsumda «Antverpen» Belgiya muntazam chempionatida yettinchi o‘rinni egalladi va chempionlik guruhiga kira olmadi. Yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi pley-off bosqichida esa jamoa oltita klub ichida beshinchi bo‘ldi va xalqaro turnirlar yo‘llanmasisiz qoldi.













