Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘rtasida o‘tadigan JCH-2026 finali AQSH tarixidagi eng qimmat sport musobaqasiga aylandi. Lionel Messi va yosh iqtidor egasi Lamin Yamal to‘qnash keladigan ushbu uchrashuv boshlanishiga bir sutkadan kamroq vaqt qolganda, qayta sotish bozorida chiptalar narxi aql bovar qilmas darajaga — 2 million dollardan oshib ketdi.
17-iyul, juma kuniga kelib FIFA rasmiy platformasida sanoqli joylar qolgan va ular 32 000 dollar atrofida baholangan edi. Biroq norasmiy olibsotarlar bozorida narxlar 10 000 dollardan boshlanib, eng qimmati 2,3 million dollargacha ko‘tarildi. Bunga AQSHda chiptalarni qayta sotish qoidalarining o‘ta erkinligi katta ta’sir qildi.
FIFA ushbu mundialda ilk bor talabga qarab o‘zgaruvchi “dinamik narxlar” tizimini joriy qildi. Dastlabki narxlar 575 dollardan boshlangan bo‘lsa-da, o‘yinlarga bo‘lgan katta qiziqish narxlarni yanada qimmatlashiga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, guruh bosqichida stadionlarning 99,7 foizi muxlislar bilan to‘ldi.
Ammo inson huquqlari faollari hamda muxlislar uyushmalari bu holatni keskin tanqid qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, vizadagi qat’iy to‘siqlar va chiptalarning o‘ta qimmatligi sababli FIFA va’da qilgan ommabop jahon chempionati aslida faqatgina “sanoqli badavlat insonlar bayrami”ga aylanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi JCH—2026 final uchrashuvi bugun, 19-iyuldan 20-iyulga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da AQSHning Nyu-York shahridagi “Metlayf” stadionida start oladi.













