Toshkentda «Lokomotiv»ga qarshi kechgan shiddatli bahsda «Andijon»ning uchinchi goliga mualliflik qilgan Hamidullo Karimov Superligadagi debyut golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
U21 chempionatida to‘purarlar safida borayotgan iqtidorli hujumchi endi Superligada ham o‘zining gollar hisobiga start berdi.
U «Andijon» klubi matbuot xizmati savollariga javob berdi.
— Hamidullo, «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinda asosiy jamoadagi debyut golingizni urdingiz. Bundan avval Kubok bahsida ham gol urgan edingiz. Ammo Superligadagi ilk golingizning hissiyotlari qanday?
— Albatta, hissiyotlarimni so‘z bilan ifodalash qiyin. Bu men uchun unutilmas kun bo‘ldi. Kubok bahsida ham gol urgan edim, ammo Superligadagi ilk golimning ahamiyati boshqacha. Avvalo, menga ishonch bildirgan murabbiylar shtabiga, jamoadoshlarimga va bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga katta rahmat aytaman. Bu gol menga yanada katta ishonch bag‘ishladi. Endi shu bilan to‘xtab qolmasdan, yanada ko‘proq mehnat qilib, jamoamga ko‘proq foyda keltirishga harakat qilaman.
— O‘yinning oxirgi daqiqalarida zaxiradan maydonga tushayotganingizda nimalarni o‘yladingiz? Murabbiylar qanday ko‘rsatma berishdi?
— Ha, o‘yinning so‘nggi daqiqalari edi. Maydonga tushishim bilan jamoaga foydam tegishi haqida o‘yladim. Har bir imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildim. Murabbiylar esa xotirjam o‘ynash, hujumda faol bo‘lish va raqib himoyachilariga bosim o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berishdi. Shu vazifalarni bajarishga intildim va baxtimga gol urish nasib qildi.
— Qizig‘i, siz o‘rinbosarlar jamoasi safida ham bir kun avval «Lokomotiv» darvozasini ishg‘ol qilgandingiz. Asosiy jamoalar bahsida ham gol urdingiz. Buni kutganmidingiz?
— Ha, rostdan ham qiziq holat bo‘ldi. Bir kun avval o‘rinbosarlar tarkibida ham «Lokomotiv»ga qarshi gol urgandim. Albatta, ikkinchi kuni ham gol uraman, deb aniq o‘ylamaganman. Lekin maydonga tushsam, jamoamga foyda keltirish va imkoniyat bo‘lsa, gol urish haqida o‘ylaganman. Xudoga shukur, hammasi ko‘ngildagidek bo‘ldi. Bu men uchun katta motivasiya va kelgusi o‘yinlarda yanada ko‘proq mehnat qilishga undaydi.
— Gol urayotganingizda darvozabon bilan to‘qnashib ketdingiz. Jarohat jiddiy emasmi?
— Ha, o‘sha vaziyatda darvozabon bilan to‘qnashuv bo‘ldi. Biroz og‘riq sezildi, lekin hozir o‘zimni yaxshi his qilayapman. Shukrki, jiddiy jarohat yo‘q. Eng muhimi, jamoamga foyda keltirib, gol urishga muvaffaq bo‘lganimdan xursandman.
— Golingizni kimga bag‘ishladingiz?
— Rostini aytsam, bu golni meni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha insonlarga bag‘ishlayman. Bu hali boshlanishi. Oldinda yanada ko‘proq mehnat qilib, ularni xursand qilishga harakat qilaman.













