Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente o‘z jamoasi JCH-2026da o‘tkazgan har bir o‘yin haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
Ispaniyaliklar Yevro-2024dagi g‘alabadan so‘ng jahon chempionligini ham qo‘lga kiritishdi.
«Kabo-Verde bilan o‘yin (0:0) bizni osmondan yerga tushirdi va ushbu turnir aslida qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi. Biz hamma uchun kanchalik qiyin bo‘lishini va jahon chempionati, yana bir bor takrorlayman, Yevropa chempionati bilan umuman o‘xshash emasligini tushunib yetdik. Saudiya Arabistoni bilan kechgan bahs (4:0) esa vaziyatning butun murakkabligini anglab yetganingda xotirjamlikni saqlash va o‘zingga ishonish kerakligini tasdiqladi.
Urugvayga qarshi o‘yinda (1:0) men birinchi navbatda jamoaning ulg‘ayganini va raqibning qoidalari bo‘yicha o‘ynamaganimizni ta’kidlagan bo‘lardim. Biz bardoshlilik va yuqori futbol mahoratini ko‘rsatdik. 1/16 finalda Avstriyaga qarshi bahsda (3:0) yana bir qadam oldinga tashladik va avvalgi o‘yinlarda erishgan muvaffaqiyatlarimizni mustahkamladik.
Ronalduning Portugaliyasiga qarshi uchrashuv (1:0) oldidan bu muddatdan ilgari final bo‘lishi mumkinligini aytgandim. Portugaliya asosiy favoritlardan biri hisoblanardi va bizni bor kuchimizni ishga solishga majbur qildi. Belgiya bilan 1/4 final (2:1) esa kutilmagan xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan o‘yindek tuyuldi. Ular juda tezkor va dinamik o‘ynashdi. JCHdagi ilk golni o‘tkazib yuborgan bo‘lsak-da, sovuqqonlikni saqlab qoldik.
Yarim finalda bizni Mbappening Fransiyasi (2:0) — so‘zsiz favorit kutib turgan edi. Ammo, chamamda, tribunadagi muxlislar jamoamizga qaraganda ko‘proq hayajonlanishdi. Biz yaxlit bir jamoa sifatida harakat qildik va o‘yinni boshidan oxirigacha nazoratda ushlab turdik. Har bir futbolchi o‘zini ajoyib tomondan ko‘rsatdi, lekin jamoa sifatida yanada kuchliroq edik.
Argentina bilan bahs (1:0) esa barcha o‘yinlarning eng kattasi bo‘ldi. Amaldagi jahon chempioni, uch karra turnir g‘olibi, Messining xayrlashuvi… Orzudagi o‘yin. Bu g‘alaba barchasiga yakun yasadi va butun chempionat davomida intilgan maqsadimizning mantiqiy xotimasi bo‘ldi. Yakunda butun turnir aynan biz avvaldan rejalashtirganimiz va tasavvur qilganimizdek o‘tdi», — dedi de la Fuente Marca nashriga bergan intervyusida.













