Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/08 19:30 Navbahor 5-1 Xorazm
02/08 20:00 Mash’al 1-3 So‘g‘diyona
02/08 20:30 Qizilqum 3-0 Bunyodkor
03/08 19:30 Qo‘qon-1912 0-1 Surxon
03/08 20:00 OKMK 0-2 Nasaf
03/08 20:30 Dinamo 0-0 Neftchi

Infantino kichik davlatlar ko‘magiga tayanib FIFA prezidentligini saqlab qolmoqchi

Infantino kichik davlatlar ko‘magiga tayanib FIFA prezidentligini saqlab qolmoqchi

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

FIFA prezidenti Janni Infantino o‘z lavozimini saqlab qolish uchun futboli rivojlangan yetakchi davlatlardan ko‘ra, asosan FIFA’ning moliyaviy yordamiga muhtoj bo‘lgan kichik davlatlarga tayanishiga to‘g‘ri keladi. Jahon chempionati va tashkilot huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz taklifdan so‘ng, qit’a konfederasiyalari — UEFA va KONKAKAF tomonidan Infantinoga ishonchsizlik bildirilmoqda.

UYEls futbol federasiyasi birinchi bo‘lib Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan rasman voz kechdi. Yevropa futbol assosiasiyalari ittifoqi (UEFA) esa 56 yoshli shveysariyalik mutaxassisga nisbatan ushbu masala yuzasidan huquqiy choralar ko‘rishni o‘ylayotganini ma’lum qildi.

Muxolifat Infantinoni lavozimidan chetlatish uchun navbatdan tashqari Kongress (EC) chaqirishi mumkin. Buning uchun FIFA’ga a’zo 211 davlatning kamida 20 foizi yozma ravishda talab bilan chiqishi kerak bo‘ladi. Kongress so‘rov tushganidan so‘ng uch oy ichida o‘tkazilishi shart va bu raqobatchi nomzodlar paydo bo‘lishi uchun yetarli vaqt beradi. Agar 55 ta a’zoga ega UEFA bir ovozdan qaror qabul qilsa, tashkilotning o‘zi yakka holda navbatdan tashqari Kongress chaqirish vakolatiga ega.

Biroq Kongressda Infantinoni iste’foga chiqarish oson kechmaydi. Futboldagi moliyaviy va rivojlanish darajasidagi ulkan tafovutlarga qaramay, FIFA’dagi barcha 211 davlat teng bittadan ovozga ega.

Shu sababli, Infantino o‘z lavozimini saqlab qolishda Fransiya, Ispaniya yoki Angliya kabi futbol gigantlariga emas, asosan Butan va Vanuatu kabi davlatlarga tayanishga majbur. Chunki Jahon chempionatida hech qachon ishtirok etmagan bu kabi kichik mamlakatlar futbolni rivojlantirishda to‘liq FIFA yordamiga qaram hisoblanadi. 2023—2026-yillar siklida har bir a’zo davlat futbolni rivojlantirish dasturlari uchun 3 million dollargacha mablag‘ olishi belgilangan (bu oldingi sikldan 1 million dollarga ko‘p). Bu mablag‘ boy davlatlar uchun arzimagan chaqa bo‘lsa-da, qashshoq mamlakatlar uchun katta summa hisoblanadi.

FIFA tizimi qanday ishlashiga Vanuatu yaqqol misol bo‘la oladi. Jahon reytingida 160-o‘rinni egallab turgan ushbu davlat futbol assosiasiyasi rahbari Lambert Maltok FIFA Ijroiya qo‘mitasida 8 ta vise-prezidentdan biri hisoblanadi. FIFA 340 ming aholiga ega bo‘lgan ushbu orol mamlakatiga 6 500 o‘rinli stadion qurish uchun 4,15 million dollar ajratgan va inshoot 2022-yilda bitkazilgan.

Bunday moliya oqimlari Osiyo, Afrika, Karib havzasi va Tinch okeani mintaqalarida keng tarqalgan bo‘lib, FIFA’ning grantlari evaziga ushbu davlatlarda maydonlar, sport zallari va futbol dasturlari ishga tushiriladi. Tanqidchilarga ko‘ra, bu tizim Infantinoga pul evaziga o‘z lavozimini saqlab qolish uchun kerakli qo‘llab-quvvatlashni “sotib olish” imkonini bermoqda. Shu bois, amaldagi prezidentga qarshi birlashish deyarli imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Kiritildi: 18:57, 03.08.2026.
O'qildi: 492 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик