«Barselona» darvozaboni Mark-Andre ter Shtegenning «Ayaks»ga o‘tishi seshanba kuni rasman e’lon qilinadi. Bu haqda Sport.es nashri xabar bermoqda.
Germaniyalik posbon Amsterdamda tibbiy ko‘rikdan o‘tib bo‘ldi va ijara huquqi asosida Michel Sanches jamoasiga qo‘shiladi. «Ayaks» futbolchi maoshining 10 foizini to‘laydi, kontraktning qolgan qismini esa «Barselona» qoplashda davom etadi.
«Ter Shtegen va Yulian Brandt bilan yanada kuchliroq bo‘lamiz. Bu jamoamizni kuchaytiradigan ikki ajoyib futbolchi», — dedi «Ayaks» bosh murabbiyi.
34 yoshli ter Shtegen uchun bu ketma-ket ikkinchi ijara bo‘ladi. Yanvar oyida u «Jirona»ga o‘tgan edi, ammo sonining orqa mushagidagi jarohati sababli klub safida bor-yo‘g‘i 2 ta o‘yinda maydonga tushdi. Shunga qaramay, golkiper Michelda yaxshi taassurot qoldirdi va murabbiy endi Amsterdamda ham unga suyanmoqchi.













