«Chelsi»ning sobiq yarim himoyachisi Jon Obi Mikel Vinisius Juniorni «Arsenal»da kutish kerak emasligini aytdi.
Avvalroq «Real» bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan vingerga London klubi qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgan edi.
«U kelmaydi! Buni unuting. U shunchaki «Real»da manfaatliroq bitimga erishish uchun «Arsenal»dan foydalanmoqda. U «Real»ni tark etmaydi. Men bunga 100 foiz aminman. U ketmaydi! U shunchaki yaxshiroq shartnoma olish uchun «Arsenal»dan foydalanmoqchi.
U «Real»ni tark etmaydi. Unga buning nima keragi bor? Qarang, «Arsenal» — katta jamoa. Agar «Arsenal» katta jamoa emas desam, yolg‘on gapirgan bo‘laman. «Arsenal» — katta jamoa, lekin «Real» — bu umuman boshqa tarix. Menimcha, shartnoma haqidagi bu gap-so‘zlar anchadan beri davom etmoqda», — dedi Obi Mikel o‘z muallifligidagi The Obi One Podcast podkastida.













