«Komo» Angliya terma jamoasi himoyachisi Trevo Chaloba bilan shartnoma imzolaganini rasman ma’lum qildi.
27 yoshli futbolchi «Chelsi»dan Italiya klubiga doimiy asosda ko‘chib o‘tdi va «Komo» bilan 2031 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma tuzdi.
Chaloba 9 yoshidan «Chelsi» akademiyasida tahsil olgan va klubning barcha yoshlar jamoalarida faoliyat yuritgan. Asosiy jamoa tarkibida mustahkam o‘rin egallashidan oldin u «Ipsvich», «Xaddersfild» hamda «Loryan» klublarida ijara asosida to‘p surgan.
Himoyachining «Chelsi»dagi debyuti 2021 yilgi UYEFA Superkubogi doirasidagi uchrashuvda bo‘lib o‘tgan. Londonliklar mazkur bahsda g‘alaba qozonib, sovrinni qo‘lga kiritgan. Chaloba «Chelsi» safida, shuningdek, ikki marta klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati va Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqqan.
Umuman, Chaloba «Chelsi» tarkibida barcha musobaqalar doirasida 150 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan.
«Komo» bosh murabbiyi Sesk Fabregas futbolchining transferini yuqori baholadi.
«Trevo biz uchun muhim xarid va klubimizning ambisiyalariga mos keladigan futbolchi. U eng yuqori darajada o‘ynagan va sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, u faoliyatining yangi bosqichini boshlash va rivojlanishda davom etish istagida», — dedi Fabregas.
«U himoyamizga kuch, tezlik va ishonch, shuningdek, hujumlarni boshlashda texnik mahorat qo‘shadi. Trevo jamoa saviyasini oshira oladigan yetakchi futbolchi. Uning «Komo»ni tanlaganidan juda xursandman», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Chalobaning transferi 30 million yevroni tashkil qilgan.













