"Atletiko" hujumchisi Xulian Alvares jamoaning "Marsel"ga qarshi mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvi uchun qaydnomasiga kiritilmadi.
AS ma’lumotiga ko‘ra, argentinalik forvardning Fransiyaga olib ketilmasligi transfer mojarosi yoki intizomiy jazo bilan bog‘liq emas. Alvares 2026 yilgi jahon chempionatidan keyin ta’tildan kechroq qaytgan futbolchilar qatorida bo‘lib, murabbiylar shtabi uning jismoniy holatini bosqichma-bosqich tiklash rejasini tuzgan.
Xuddi shu sababga ko‘ra Aleks Baena va Markos Lyorente ham "Marsel"ga qarshi o‘yinda ishtirok etmaydi. Aleksander Syorlot esa mushaklaridagi muammo tufayli qaydnomadan tashqarida qolgan.

Alvares joriy haftada "Atletiko" mashg‘ulotlariga qaytib, Diyego Simeone qo‘l ostida umumiy guruh bilan ishlay boshladi. Argentina terma jamoasi hujumchisi mashg‘ulot o‘yinida ham ishtirok etgan. Simeone uni 2026/27 yilgi mavsum uchun jamoaning muhim futbolchilaridan biri sifatida ko‘rishda davom etmoqda.
26 yoshli forvardning kelajagi yoz davomida ko‘p muhokama qilindi. "Barselona"ning qiziqishi va Alvaresning ketish istagi haqida xabarlar tarqalganiga qaramay, "Atletiko" uni sotish niyatida emas. Futbolchining Madrid klubi bilan shartnomasi 2030 yilgacha amal qiladi.
"Marsel" — "Atletiko" uchrashuvi 14 avgust kuni "Velodrom" stadionida o‘tkaziladi. Bu madridliklarning yangi La Liga mavsumi boshlanishidan oldingi so‘nggi nazorat bahsi bo‘ladi.













