Ismoil Saybari «Bavariya» futbolchisi sifatida rasman tanishtirildi. 25 yoshli Marokash terma jamoasi a’zosi sport direktori Maks Eberl bilan birgalikda OAV vakillari savollariga javob berib, PSVdan 50–55 mln yevro evaziga amalga oshgan transferidan keyingi ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
2026 yilgi jahon chempionatida gol urgan Saybari yangi jamoada ilk kundanoq iliq kutib olinganini ta’kidladi.
«Jamoadoshlarim meni juda yaxshi kutib olishdi. Hamma, jumladan murabbiylar shtabi a’zolari ham menga juda yaxshi munosabatda. Hozirgacha hamma narsa juda yoqimli kechmoqda», — dedi Saybari.
Marokashlik futbolchi o‘zining o‘yin uslubi «Bavariya»ning hozirgi falsafasiga mos kelishini ham qayd etdi.
«Vensan Kompani kelganidan beri «Bavariya» boshqacha uslubda o‘ynamoqda — ko‘proq harakat, yuqori intensivlik bor. Men buni o‘tgan mavsumda o‘zim ham his qildim. Ular juda yaxshi futbol namoyish etadi, doim yuqori sur’atda o‘ynaydi va zarba berish imkoniyatini qidiradi. Bu menga juda yoqadi», — dedi u.
«Bavariya» sport direktori Maks Eberl esa klub Saybarini ancha vaqtdan beri kuzatib kelganini ma’lum qildi. Ayniqsa, PSVga qarshi uchrashuvlar uning transferi borasida qaror qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etgan.
«U o‘z uslubi, jismoniy kuch-quvvati, maydondagi ta’siri, tezligi va universalligi bilan bizga bir necha bor jiddiy muammo tug‘dirdi. Shunga qaramay, biz o‘sha o‘yinlarda g‘alaba qozondik. Ammo unda o‘ziga xos jihat bor», — dedi Eberl.
Uning qo‘shimcha qilishicha, «Bavariya» Saybari va Nataniel Braun singari bir nechta pozisiyada o‘ynay oladigan universal futbolchilarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
«Braun va Ismoil Saybari transferlari shuni ko‘rsatadiki, biz universallikka, bir nechta pozisiyada harakat qila oladigan va o‘yinimizga o‘tgan mavsumda yetarli darajada bo‘lmagan yangi jihatlarni qo‘sha oladigan futbolchilarga urg‘u bermoqchimiz.
Shuning uchun Ismoil biz uchun asosiy nomzodlardan biri ekani avvaldan aniq edi. Yaxshiyamki, transferni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik», — dedi «Bavariya» sport direktori.













