«Atalanta» «RB Leypsig» futbolchisi Elif Elmas transferini rasman e’lon qildi. 26 yoshli shimoliy makedoniyalik futbolchi Bergamo klubiga sotib olish huquqi bilan ijara asosida kelib qo‘shildi.
Elmas faoliyatini vatanidagi «Rabotnichki» klubida boshlagan. Keyinchalik u Turkiyaning «Fenerbaxche» jamoasiga o‘tdi, 2019 yilda esa «Napoli» safini to‘ldirdi. Neapolliklar bilan birga u A Seriya chempionligi va boshqa sovrinlarni qo‘lga kiritgan.
Futbolchi 2024 yil yanvar oyida «RB Leypsig»ga ko‘chib o‘tgan. O‘tgan mavsumni esa Italiyada ijara asosida o‘tkazib, barcha musobaqalarda 44 ta o‘yinda qatnashdi, 1 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Elmas Shimoliy Makedoniya milliy terma jamoasida 2017 yil iyun oyida debyut qilgan. Hozirga qadar u terma jamoa safida 79 ta o‘yinda qatnashib, 13 ta gol muallifi bo‘lgan. Uning Transfermarkt portalidagi transfer bahosi 13 million yevroni tashkil etadi.













