«Lokomotiv» professional futbol klubi yangi mashg‘ulot maydoniga ega bo‘ldi.
2025 yil 21 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda «Lokomotiv» PFK o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolangan edi.
Mazkur kelishuv asosida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son sport maktabi hududidagi tabiiy va sun’iy qoplamali futbol maydonlari bir yildan ortiq vaqt davomida to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Bugun, 25 avgust kuni yangi maydonlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sport vazirligi va tuman hokimligi vakillari, futbol mutasaddilari hamda «Lokomotiv» klubi rahbariyati ishtirok etdi. Marosim doirasida an’anaviy lenta qirqish tadbiri o‘tkazildi.
Shuningdek, «Lokomotiv» futbol maktabi tarbiyalanuvchilari hamda 2-son sport maktabi yosh sportchilari ko‘rgazmali chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Qayd etilishicha, har ikki futbol maydoni «Lokomotiv» PFK bosh homiysi — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning moliyaviy ko‘magi asosida to‘liq ta’mirlangan.
Ta’mirlash ishlaridan so‘ng katta o‘lchamdagi futbol maydoni «Lokomotiv» klubi ixtiyoriga, kichik maydon esa 2-son sport maktabiga topshirildi.

















