Alvaro Kortes «Royal Antverpen»ga o‘tishga yaqinlashgan bir paytda, «Barselona» yangi markaziy himoyachi xarid qilish bo‘yicha ishlarni tezlashtirdi.
Kataloniya klubi yoz davomida asosan yangi hujumchi olishga uringan va bu pozisiya uchun Xulian Alvares asosiy maqsadlardan biri bo‘lgan edi. Biroq hozir jamoaning transfer borasidagi ustuvor yo‘nalishi o‘zgargan.
Diario Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Barselona» allaqachon yangi himoyachi transferi ustida ishlamoqda, ammo futbolchining nomi hozircha sir saqlanmoqda.
Manbada aytilishicha, klub chap oyoqda o‘ynaydigan, to‘pni himoyadan sifatli olib chiqish va uzatmalar orqali raqib chiziqlarini yorib o‘tish qobiliyatiga ega markaziy himoyachini izlamoqda.
«Barselona» sport direktori Deku va skautlar bo‘limi rahbari Joau Amaral mazkur nomzodni anchadan buyon kuzatib kelmoqda. Kataloniyaliklar transfer oynasi yopilishidan oldin kelishuvni yakunlashni rejalashtirgan.
Qayd etilishicha, Deku yozgi transferlar davomida ham bir qator bitimlarni ommaviy axborot vositalaridan sir tutgan holda, orqa fonda ishlab amalga oshirgan.













