«Chelsi» argentinalik yarim himoyachisi Enso Fernandes «Manchester Siti»ning qiziqishiga qaramay, klubda qolishi mumkin. Bu haqda Daily Telegraph jurnalisti Mett Lou xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, «Chelsi» transfer oynasining so‘nggi kuni Ensoga o‘rinbosar futbolchi sotib olmasa, uni «Manchester Siti»ga qo‘yib yubormaydi. «Ko‘klar»ning uchta nomzodi bor — «Monako»dan Lamin Kamara, «Roma»dan Manu Kone va Premyer-liganing nomi oshkor etilmagan yana bir futbolchisi.
Biroq «Monako» «Chelsi»ning Kamarani sotib olish bo‘yicha taklifini allaqachon rad etgan. «Roma» bosh murabbiyi Jan Pyero Gasperini esa Kone jamoada qolishini qat’iy istamoqda. Shu sababli Ensoning «Manchester Siti»ga o‘tishi qiyinlashgan.
Bundan tashqari, «Chelsi» «shaharliklar»dan Fernandes uchun yaxshilangan taklif kutib qolmoqda. Avvalroq London klubi futbolchi uchun qoniqarsiz deb topilgan taklifni rad etgan edi.













