«Tottenxem» markaziy himoyachisi Kevin Danso «Sanderlend» safiga o‘tdi.
«Qora mushuklar» 27 yoshli futbolchini ijaraga olganini rasmiy sayti orqali e’lon qildi. Kelishuv joriy mavsum yakuniga qadar mo‘ljallangan.
Shartnomada futbolchini 22 million funt sterlingga (25,6 million yevro) majburiy sotib olish bandi ham mavjud. Ushbu shart «Sanderlend» joriy mavsum yakunlariga ko‘ra Premyer-ligadagi o‘rnini saqlab qolgan taqdirda kuchga kiradi.
Kevin Danso bir yil avval Fransiyaning «Lans» klubidan «Tottenxem»ga 25 million yevro evaziga o‘tgandi. U bunga qadar ham «shporlar» safida ijara asosida to‘p surgan.
Avstriyalik himoyachi London klubi tarkibida jami 52 ta o‘yinda maydonga tushgan.













