Fransiyada Madridning "Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappega hujum qilish va uni o‘g‘irlashni rejalashtirgan 18 yoshli shaxs hibsga olindi.
Bu haqda The Touchline X ijtimoiy tarmog‘ida Le Parisien nashri ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olingan shaxs yolg‘iz harakat qilmagan va uning sheriklari ham bo‘lgan. Guruh faqat Mbappeni emas, balki yana bir necha taniqli shaxslarni o‘g‘irlashni rejalashtirgani aytilmoqda.
Kilian Mbappe 2024 yil yozidan buyon Madridning "Real" klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Fransiyalik hujumchi "Monako" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2017 yildan 2024 yilgacha "Pari Sen-Jermen" safida to‘p surgan.
Mbappe "Real" bilan UEFA Superkubogi va Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, u Fransiya terma jamoasi safida 2018 yilgi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan.













