Alexandro Baldening "Barselona"dagi kelajagi yozgi transfer oynasining so‘nggi kunlarida eng qiziq mavzulardan biriga aylandi.
Kataloniya klubi ispaniyalik chap qanot himoyachisini sotuvga qo‘ygan. Bunga Baldening Xansi Flik rejalarida orqaga tushib qolgani sabab bo‘lgan. Shuningdek, germaniyalik murabbiy futbolchining ishga munosabati va ruhiy tayyorgarligi borasida bir necha bor shubha bildirgan.
Baldega "Manchester Yunayted" va "Inter" qiziqish bildirgan bo‘lsa-da, uning transferi amalga oshmadi.
22 yoshli futbolchining o‘zi esa o‘zi tarbiya topgan klubini tark etishni istamagan. U "Barselona" rahbariyati vaziyatni shunday shakllantirganki, go‘yo unda ketishdan boshqa yo‘l qolmagandek his qilgan.
Transfer oynasining so‘nggi soatlarida "Manchester Yunayted"dan rasmiy taklif tushishi kutilgan edi, ammo ingliz klubi yakunda hech qanday taklif yubormadi.
Diario Sport ma’lumotiga ko‘ra, Balde endi jamoadagi o‘rni uchun kurashish va Xansi Flikning ishonchini qayta qozonishga tayyor.
Biroq uning vazifasi oson bo‘lmaydi. Kutilmagan tarzda o‘zini yaxshi ko‘rsatayotgan Xavi Espart hamda Joau Kanselu hozirda Flikning chap qanot himoyachisi pozisiyasidagi asosiy variantlari hisoblanadi.













