The Athletic jurnalisti Lori Uitvell ma’lumotiga ko‘ra, "Manchester Yunayted" futbolchilari yozgi transfer oynasida chap qanot himoyachisidan ko‘ra yana bir markaziy hujumchi olish muhimroq deb hisoblagan.
Jamoa yarim himoya chizig‘ini Andrey Santos, Yuri Tilemans va Karlos Baleba bilan kuchaytirganidan so‘ng, Benyamin Sheshko sof o‘rinbosarsiz qolgan. Shu sabab Mateus Kunya va Brian Mbeumo ba’zi holatlarda hujum markazida o‘ynashga majbur bo‘lmoqda.
"Futbolchilar bu pozisiyaga qarab, Sheshko bilan navbatma-navbat o‘ynay oladigan yana bir hujumchi kerakligini aytishgan. Shunda Mbeumo va Kunya ham o‘zlariga qulayroq pozisiyalarda harakat qila olardi", — dedi Uitvell Talk of the Devils podkastida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Lyuk Shouga bo‘lgan ishonch sabab chap qanot himoyachisi transferi klub uchun unchalik ustuvor vazifa bo‘lmagan. Bu esa muxlislar orasida ma’lum noroziliklarga sabab bo‘lgan.
Joshua Zirkze Maykl Kerrik qo‘l ostida hali ham chetda qolmoqda. Unga Italiyadan qiziqish bo‘lgan, shuningdek, "Everton" transfer oynasi yopilishi arafasida taklif yuborgan, ammo "Yunayted" uni rad etgan.
Sobiq murabbiy Alan Pardyu esa Markus Reshfordni hujum markazida muqobil variant sifatida ko‘rmoqda. Uning fikricha, Reshford forvard sifatida o‘ynasa, bir mavsumda 15–20 ta gol urish salohiyatiga ega.













