Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov poytaxtda qad ko‘targan “Bishkek Arena” stadionining qurilishiga 386 million dollar sarflanganini ma’lum qildi. U avvalroq ushbu inshoot uchun 60 million dollar ketgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Alagozovning ta’kidlashicha, dastlab 30–35 ming tomoshabinga mo‘ljallangan oddiy stadion qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev uning qiymatini 60–70 million dollar atrofida baholagan edi.
Biroq keyinchalik prezident Sadir Japarov loyihani butunlay o‘zgartirishga ko‘rsatma bergan. Davlat rahbari stadion qirg‘iz o‘tovi shaklida bo‘lishini, shuningdek, inshootni saqlash kelajakda davlat byudjetiga og‘irlik qilmasligi uchun uning ichida savdo markazlari, restoranlar, kinoteatrlar va sport zallari joylashishi kerakligini talab qilgan.
Bundan tashqari, loyihaning kengaytirilishiga yana bir sabab FIFA talabi bo‘lgan. Jahon darajasidagi xalqaro musobaqalarni qabul qilish uchun stadion sig‘imi kamida 50 ming kishidan iborat bo‘lishi lozim.
“Bishkek Arena”ning asosiy ko‘rsatkichlari:
Sig‘imi: 51 252 tomoshabin;
Umumiy maydoni: 194 248 kvadrat metr;
Balandligi: 70 metr (8 qavatli);
Tijorat hududi: 36 ming kvadrat metrli savdo markazi, 48 ta do‘kon, supermarket, 23 ta restoran, 11 ta kafe, 4 ta kinozal, sport zali va bolalar maydonchasi.
Alagozov ushbu narxni siyosiylashtirmaslikni va qo‘shni davlatlardagi inshootlar bilan solishtirmaslikni so‘radi. Uning qayd etishicha, stadion nafaqat tez orada o‘z xarajatlarini oqlaydi, balki foydalanish davrida doimiy daromad manbaiga aylanadi. Hozirdanoq bu yerda konsert va pulli tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha takliflar tushmoqda.
Shuningdek, prezident topshirig‘iga binoan Hisob palatasi va boshqa davlat idoralari vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzilgan. Ular qurilish xarajatlari, qurilish materiallarining ishlatilishi va maoshlar to‘lovini tekshirib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy qoidabuzarliklarni o‘rganib chiqadi. Tekshiruv natijalari jamoatchilikka e’lon qilinishi va’da qilinmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, avvalroq O‘zbekistonda ham “Yangi Toshkent” stadioni qurilish ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. Loyiha qiymati 100 million dollar bo‘lib, stadion FIFA standartlariga to‘liq javob beradi va Osiyodagi eng zamonaviy futbol arenalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.













