Maurisio Pochettino 2016/17 yilgi Premyer-liga mavsumi yakunlarini qayta ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblaydi. Mutaxassisning fikricha, «Chelsi» chempionlik unvonidan mahrum qilinib, titul ikkinchi o‘rinni egallagan «Tottenxem»ga berilishi lozim.
Ma’lumki, «Chelsi» 2011 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda Angliya futbol assosiasiyasi qoidalarini 74 marta buzganini tan olgan. Ular orasida ro‘yxatdan o‘tmagan agentlarga yashirin tarzda jami 47 million funt miqdorida noqonuniy to‘lovlar amalga oshirilgani ham bor.
«Chelsi» ushbu qoidabuzarliklar uchun 10 million funt jarimaga tortildi, ammo klubga nisbatan sport sanksiyalari qo‘llanmadi.
Qoidabuzarliklar qayd etilgan davrda «Chelsi» Eden Azar, Villian va David Luis kabi futbolchilarni transfer qilgan. Ular Antonio Konte boshchiligidagi jamoaning 2016/17 yilgi chempionlik mavsumida muhim rol o‘ynagan.
«Men haqiqatni aytishdan qo‘rqmayman. Balki «Chelsi» muxlislari so‘zlarimdan xafa bo‘lar. Men shikoyat qilayotganim yo‘q, ammo agar «Chelsi» qoidalarni buzganini tan olgan bo‘lsa, chempionlik unvoni ikkinchi eng yaxshi jamoaga berilishi kerak.
Aks holda, qoidabuzarlik rag‘batlantirilgan bo‘ladi. Ular buni tan olishdi — demak, masala ravshan. Titul ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaga berilishi lozim.
Agar biz «Tottenxem»da qoidalarni buzganimizda ham xuddi shu fikrni aytgan bo‘lardim: «Biz bu titulga munosib emasmiz», — deya Pochettinoning so‘zlarini The Sun keltirdi.
2016/17 yilgi mavsumda «Tottenxem» Premyer-ligada ikkinchi o‘rinni egallagan va chempion «Chelsi»dan 7 ochko kam to‘plagan.













