So‘nggi yillarda O‘zbekiston Professional futbol ligasi va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Universitet jamoalarining Liga tizimiga kirib kelishi, professional musobaqalarda ishtirok etishi va buning ortidan futbol infratuzilmasining rivojlantirilishi mamlakat futboli geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Qarshi davlat universitetining «Lochin» futbol klubi ana shunday katta maqsadlar sari dadil odimlayotgan jamoalardan biridir.
«Lochin»ning professional futbol tizimidagi yo‘li 2025 yilda yangi bosqichga ko‘tarildi. Qarshi davlat universiteti jamoasi rasman Liga a’zosiga aylandi. Klub 4 aprel kuni Liga bayrog‘i ostidagi dastlabki uchrashuvini O‘zbekiston kubogi doirasida o‘tkazib, musobaqaning guruh bosqichiga yo‘llanma oldi.
Liga rahbariyati va Qarshi davlat universiteti o‘rtasidagi hamkorlik faqatgina «Lochin»ning professional musobaqalardagi ishtiroki bilan cheklanib qolmadi. Liga rahbari QarDU rektori Dilmurod Nabiyev bilan uchrashuv davomida universitet hududida futbol maydoni barpo etish, unga tutash hududlarni futbol infratuzilmasi talablariga moslashtirish masalalarini ham muhokama qilgandi. Oradan vaqt o‘tib, o‘sha rejalar amaliy natijaga aylandi.
«Lochin» esa professional futbolga kirib kelgan ilk mavsumidayoq o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ya olishini ko‘rsatdi. Jamoa 2025 yilgi O‘zbekiston Birinchi ligasida ishtirok etib, musobaqaning chorak final bosqichiga qadar yetib bordi.
Qarshiliklar O‘zbekiston kubogidagi ishtiroki bilan ham futbol jamoatchiligi e’tiborini tortdi. «Lochin» guruh bosqichida musobaqaning amaldagi g‘olibi — «Andijon» hamda elita vakili — «Surxon»ni mag‘lubiyatga uchratib, nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, QarDU jamoasi 2025 yilgi mavsumda O‘zbekiston kubogining ushbu bosqichiga yetib borgan yagona Birinchi liga vakiliga aylandi.
Maydondagi natijalar ortidan klub infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ham katta hajmdagi ishlar boshlandi. 2026 yilgi mavsum avvalida Qarshi davlat universiteti hududidagi «Lochin» stadioni kapital ta’mirlash uchun yopildi. Asosiy maqsad jamoaning professional maqomiga munosib, futbolchilar va muxlislar uchun zarur sharoitlarga ega stadionni shakllantirish edi.
Qurilish va rekonstruksiya jarayonida, avvalo, maydonning asosi hamda drenaj tizimi bilan bog‘liq ishlar amalga oshirildi. Shundan so‘ng, zamonaviy sug‘orish tizimi o‘rnatilib, chim asosini tashkil etuvchi qum qatlami yotqizildi. Stadion faqatgina futbol maydoni bilan cheklanib qolmadi. Jamoalar uchun kiyinish xonalari, matbuot anjumanlari zali va uchrashuvlarni professional darajada tashkil etish uchun zarur bo‘lgan boshqa xonalar ham ta’mirdan chiqarildi.
Bugunga kelib, «Lochin» stadionida olib borilgan kapital ta’mirlash ishlari yakunlandi. Eng muhimi, stadion professional futbol uchrashuvlarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi va «Lochin» navbatdagi uchrashuvini o‘z maydonida o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bu — shunchaki bir stadionning ta’mirdan chiqarilishi emas. Bu Qarshi davlat universitetida futbolga bo‘lgan munosabat, talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va professional futbol sari qurilayotgan mustahkam ko‘prikning amaliy ifodasidir. Kecha universitet jamoasi sifatida o‘z yo‘lini boshlagan «Lochin» bugun professional futbol tizimining bir qismiga aylanib, o‘z stadionida Liga uchrashuvlarini qabul qilish darajasiga yetib keldi.
Oliy ta’lim muassasalarida mana shunday futbol muhitining shakllanishi talabalar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Eng muhimi, yosh futbolchi oldida tanlov paydo bo‘ladi: u oliy ta’lim olish bilan bir vaqtda katta futbol sari ham intilishi mumkin. Universitet jamoalarining professional futbol tizimida mustahkam o‘rin egallashi esa kelajakda klublar uchun yangi futbolchilar, murabbiylar va mutaxassislar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
Professional futbol sari dadil qadamlar tashlayotgan «Lochin» futbol klubiga Liga kelgusi faoliyatida omad va zafarlar tilaydi. Qarshi davlat universitetida yaratilayotgan futbol muhiti esa kelajakda nafaqat «Lochin», balki Qashqadaryo va o‘zbek futboliga xizmat qiladigan yangi avlod vakillarini yetishtirishiga ishonamiz.













