Amerikalik milliarderlar Todd Boeli va Mark Uolter o‘zlariga tegishli «Chelsi»dagi ulushlarni Clearlake Capital investisiya kompaniyasiga sotish bo‘yicha muzokara olib bormoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, so‘nggi haftalarda muzokaralar yanada faollashgan. Boeli va Uolter o‘z ulushlarini sotishdan ma’lum miqdorda foyda olishni rejalashtirmoqda.
2022 yilda Clearlake Capital va Boeli boshchiligidagi konsorsium «Chelsi»ni rossiyalik tadbirkor Roman Abramovichdan taxminan 2,5 milliard funt sterlingga sotib olgan edi.
Hozir Clearlake Capital klub aksiyalarining taxminan 61,5 foiziga egalik qiladi. Kompaniya bir necha yildan beri o‘z ulushini oshirishga harakat qilib kelmoqda, ammo avvalroq tomonlar narx borasida kelisha olmagan.
Bloomberg qayd etishicha, AQSHda Uolterga tegishli kompaniyalarga nisbatan olib borilayotgan federal surishtiruv biznesmenni aktivlarini qayta tuzishga va qator bitimlar, jumladan sport klublaridagi ulushlari bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga undagan.
Klub egalari almashganidan keyin «Chelsi» Konferensiyalar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi.













