Bugun «Paxtakor» OFK Elit Chempionlar ligasining yangi mavsumidagi yurishini boshlaydi. Toshkentliklar dastlabki turni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida musobaqaning amaldagi chempioni «Al-Ahli»ga qarshi o‘tkazadi.
Keling, «Paxtakor»ning dastlabki raqibi haqida biroz to‘xtalamiz.
«Al-Ahli» Saudiya Arabistoni futbolidagi eng nomdor klublardan biri hisoblanadi. Jamoa 1937 yilda tashkil topgan va 89 yillik tarixga ega.
Klub muxlislar orasida «Al-Malakiy» («Qirollik klubi») hamda «Nadi Al-Umma» («Xalq klubi») laqablari bilan mashhur.
«Al-Ahli» o‘z uy uchrashuvlarini Jidda shahrida joylashgan Qirol Abdulloh Sport Siti majmuasidagi «Alinma» stadionida o‘tkazadi. Ushbu arena 62 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
«Al-Ahli» so‘nggi yillarda nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Osiyoning yetakchi klublaridan biriga aylandi. Jamoa OFK Elit Chempionlar ligasining amaldagi va ketma-ket ikki karra g‘olibi hisoblanadi.
Jiddaliklar 2024/25 yilgi mavsum finalida Yaponiyaning «Kavasaki Frontale» klubini 2:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgandi. Oradan bir yil o‘tib, «Al-Ahli» o‘z unvonini himoya qildi. Jamoa 2025/26 yilgi mavsum finalida Yaponiyaning «Machida Zelviya» klubini qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida taslim etdi. G‘alaba golini Firas Al-Buraykan kiritdi.
Shu tariqa, «Al-Ahli» 2004 va 2005 yillarda «Al-Ittihod» qayd etgan natijadan keyin Osiyoning bosh klub turnirida ketma-ket ikki marta chempion bo‘lgan ilk jamoaga aylandi.
Jamoani ayni paytda niderlandiyalik 55 yoshli mutaxassis — Marino Pushich boshqarmoqda. U 2026 yil 6 avgust kuni «Al-Ahli» bosh murabbiyi etib tayinlandi va klub bilan 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Pushich bungacha «Tvente», «Feyenoord», Doneskning «Shaxtyor» hamda BAAning «Al-Jazira» klublarida faoliyat olib borgan. «Shaxtyor» bilan Ukraina chempionligi va mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan mutaxassis «Feyenoord» murabbiylar shtabida ham Niderlandiya chempionligini nishonlagan.
«Al-Ahli» tarkib jihatidan Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri bo‘lib qolmoqda. Klubda Senegal terma jamoasi darvozaboni Eduar Mendi, braziliyalik himoyachi Rojer Ibanyes, Turkiya terma jamoasi a’zosi Merix Demiral, braziliyalik Galeno hamda Angliya terma jamoasida o‘ynagan Ivan Toni faoliyat olib bormoqda.
Yozgi transfer oynasida jamoa tarkibida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Riyod Mahrez va Frank Kessye klubni tark etdi. Ularning o‘rniga Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Fransishku Trinkan, Armaniston terma jamoasi yetakchilaridan biri Eduard Spersyan, ukrainalik yarim himoyachi Artyom Bondarenko singari futbolchilar bilan tarkib kuchaytirildi.
Jamoaning mahalliy futbolchilari orasida ham Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi vakillari ko‘p. Ali Majrashiy, Ziyod Al-Juhaniy va Firas Al-Buraykan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun Saudiya Arabistonining yakuniy tarkibidan joy olgan. Bundan tashqari, Zakariya Havsavi va Solih Abu ash-SHamat ham mundial oldidan Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasi yig‘iniga jalb qilingan futbolchilar hisoblanadi. Yozda «Al-Hilol»dan kelib qo‘shilgan hujumchi Abdulloh Rodif ham Saudiya termasi safida o‘ynash tajribasiga ega.
«Paxtakor» va «Al-Ahli» uchun bu Osiyo maydonidagi ilk uchrashuv emas. Tomonlar shu vaqtga qadar 4 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarning 2 tasida «Paxtakor» g‘alaba qozongan bo‘lsa, yana 2 uchrashuv jiddaliklarning muvaffaqiyati bilan yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar ligasi 1-turidan o‘rin olgan «Al-Ahli» — «Paxtakor» uchrashuvi 14 sentyabr kuni Jidda shahridagi «Alinma» stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:15 da start oladi.













