Krishtianu Ronaldu va «Milan» egasi Jerri Kardinale «An-Nasr» klubining egalariga aylanishi mumkin.
Sportitalia xabariga ko‘ra, RedBird konsorsiumi rahbari Jerri Kardinale kelajakda kengayish imkoniyatiga ega bo‘lgan futbol franshizasini yaratish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Manba ta’kidlashicha, Kardinale vositachilar orqali «An-Nasr» bilan dastlabki aloqalarni ham o‘rnatgan. Biroq hozircha ehtimoliy kelishuv murakkab jarayon sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, RedBird nazorat paketiga egalik qiluvchi «Tuluza» bilan «Milan» o‘rtasidagi aloqalar ham tobora kengayib borayotgani qayd etilgan.
A Bola nashri jurnalist Navaf Al-Tamimiga tayanib xabar berishicha, Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi — PIF'dan «An-Nasr»ning nazorat paketini sotib olishni istagan investorlar guruhi tarkibiga Krishtianu Ronaldu ham kirgan.
Undan tashqari, loyihada Jerri Kardinale hamda saudiyalik uch nafar biznesmen — Ibrohim Al-Muhaydib, Muhammad Al-Xurayji va Sharaf Al-Haririy ishtirok etishi mumkin.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, RedBird vakillari yaqin ikki kun ichida PIF rahbariyati bilan shoshilinch uchrashuv o‘tkazadi. Mazkur muzokara ehtimoliy bitim taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Rejaga muvofiq, konsorsiumning besh nafar ishtirokchisidan har biri kamida 100 million dollar, ya’ni taxminan 92 million yevro miqdorida sarmoya kiritishi lozim.













