Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel JCH-2026 yarim finalida Argentinaga qarshi 1:2 hisobida boy berilgan uchrashuvda ikkinchi bo‘limda qabul qilgan taktik qarorlarini izohladi.
Angliya 55-daqiqada Entoni Gordonning golidan keyin hisobda oldinga chiqqan, ammo Argentina 85-daqiqada Enso Fernandes orqali hisobni tenglashtirdi. 90+2-daqiqada Lautaro Martines g‘alaba golini urdi.
"Bu mening yaram. Sizniki emas. Bu bilan men yashayman. Siz emas. Men bosh murabbiyman va qarorlarni men qabul qilaman. Bu vaziyat mendan ko‘ra hech kimga og‘ir botmayapti.
O‘zingizni cheksiz qiynashingiz mumkin: "Boshqa almashtirishlar qilganimda, balki g‘alaba qozonardik". Ammo buni endi hech qachon bilmaymiz", — dedi Tuxel.
Nemis mutaxassisi taktik o‘zgarishga Argentinaning bosimi sabab bo‘lganini ta’kidladi.
"Orqaga nazar tashlasam, qarorimga eng katta ta’sir qilgan holat suv ichish uchun tanaffusdan oldin darvozamiz oldida yuzaga kelgan juda xavfli vaziyat edi.
O‘shanda: "Biz bunga dosh bera olmaymiz. Bu muqarrar halokatni kutishga o‘xshaydi. To‘pni nazorat qilmayapmiz, yomon himoyalanyapmiz va 4-4-2 sxemasida himoya chizig‘ini to‘g‘ri ushlay olmayapmiz. Bizga yordam kerak", deb o‘yladim.
Argentina to‘rt nafar hujumchi bilan o‘ynay boshladi: ikki vinger, ikki forvard va Messi. Ular maydondan "oltilik"ni olib, "o‘nlik"ni tushirishdi. Markaziy himoyachi o‘rniga tayanch yarim himoyachini qo‘yishdi. Ayrim vaziyatlarda 3-1-6 sxemasida harakat qilishdi. Biz uchun juda qiyin bo‘ldi.
Shuning uchun futbolchilarga qandaydir yordam berishni istadim. Norvegiyaga qarshi o‘yinni besh himoyachi bilan yakunlagan edik. Meksikaga qarshi ham xuddi shunday qilgandik va bu ish bergan.
Argentina ko‘plab uzatmalarni jarima maydoniga yo‘llayotganini, oldinda esa to‘rt nafar hujumchi harakat qilayotganini ko‘rdim. Shuning uchun besh himoyachi bilan o‘ynashga qaror qildim.
Biz 5-3-2 sxemasiga o‘tdik, keyin esa 5-4-1ga o‘zgartirdik. Menimcha, bu orqali qanotlarni yaxshiroq nazorat qilish va jarima maydonidagi havodagi kurashlar uchun markazda uch himoyachini saqlab qolish mumkin edi", — dedi Tuxel.
Murabbiy hujumni kuchaytirishga qaratilgan almashtirishlar ham amalga oshirilishi mumkin bo‘lganini tan oldi.
"Albatta, shunday qilish ham mumkin edi. Ammo nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Balki yana 1:2 hisobida yutqazardik va keyin: "U aqldan ozdimi? Norvegiyaga qarshi o‘yinni besh himoyachi bilan tugatgan edi. Nega bu safar ham shunday qilmadi?" degan gaplarni eshitardik.
Murabbiyning aralashuvi mohiyatan jamoaga yordam berishga urinishdir. Buni o‘z egong uchun qilmaysan, shunchaki jamoaga yordam berishga harakat qilasan.
Agar o‘yinimiz barqarorroq bo‘lganida va to‘pni ko‘proq nazorat qilganimizda, sxemani o‘zgartirmagan bo‘lardim. Nega o‘zgartirishim kerak? Shunchaki hujumni kuchaytirishga qaratilgan almashtirishlarni amalga oshirardim", — dedi Tuxel Reflections hujjatli filmida.













