"Manchester Yunayted"ning yangi stadion qurish loyihasi yana kechikishi mumkin. Rasmiy rejalashtirish hujjatlariga ko‘ra, yangi arenaning ochilishi 2035 yilgacha cho‘zilishi ehtimoli bor.
Klubning minoritar hamegasi ser Jim Retkliff qiymati 2 milliard funtdan oshadigan loyihani 2025 yil mart oyida e’lon qilgan va dastlab qurilishni besh yil ichida yakunlash rejasini aytgan edi.
Biroq Trafford Council tomonidan tayyorlangan Strategic Masterplan Consultation Draft hujjatida stadion qurilishi birinchi bosqichga — 2025-2030 yillarga kiritilmagan. Loyiha ikkinchi bosqichga, ya’ni 2031-2035 yillarga joylashtirilgan.
Bu klub rahbari Kolett Rosh yozda aytgan 2032 yilda qurilishni yakunlash rejasidan ham sezilarli kechikish hisoblanadi.
"Manchester Yunayted" 100 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi stadionda 2035 yilgi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati finalini qabul qilishni rejalashtirgan edi. Biroq moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar bu rejani xavf ostiga qo‘ymoqda.
Retkliff avvalroq bu mavzu haqida hazilomuz tarzda shunday degan edi:
"Men 10 yildan ko‘ra 5 yil sarflashni afzal ko‘raman. 10 yildan keyin bu yerda bo‘lmasligim ham mumkin!"
Hozirgi vaziyatda ushbu gaplar yanada ramziy tus olmoqda.













