Madridning «Atletiko» klubi markaziy himoyachisi Kristian Romero Lionel Messining Argentina terma jamoasini tark etish haqidagi qarori uni hayratda qoldirganini tan oldi.
39 yoshli hujumchi avgust oyi oxirida xalqaro faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 6 oktyabr kuni Lionelning Argentina terma jamoasi safidagi xayrlashuv o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
«Messi doimo mening kumirim bo‘lgan. Men uning terma jamoada qanday azob chekkanini, klub darajasida esa barcha sovrinlarni qo‘lga kiritganini ko‘rganman. Keyinchalik u bilan bir jamoada o‘ynash va bu muvaffaqiyatlarni birga nishonlash nasib qildi. Leo — barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi.
Bu chiroyli xayrlashuv bo‘ladi. Rostini aytsam, uning ketish qarori meni hayratda qoldirdi. Chunki jahon chempionatidagi ajoyib o‘yinlaridan keyin ham uning juda yaxshi formada ekanini ko‘rdim. U o‘ynashda davom etishni istardi, ammo eng muhimi — uning o‘zi va oilasi yaxshi bo‘lishi, futboldan zavq olishi. Biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Romero ESPN Argentina nashriga bergan intervyusida.
Messi 2005 yildan beri Argentina terma jamoasi sharafini himoya qilib kelgan.













