Braziliya terma jamoasi o‘rtoqlik o‘yinida Avstraliyani 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. «Selesao» urgan to‘rtta goldan ikkitasi penaltidan kiritildi. Birinchi bo‘limda o‘n bir metrlik zarbani Rafinya, ikkinchi bo‘limda esa Vinisius Junior aniq amalga oshirdi.
O‘yindan so‘ng Vinisius nima uchun uchrashuv so‘nggida aynan unga penalti tepish ishonib topshirilganini tushuntirib berdi.
«Maydonda Rafinya bo‘lmaganida, bizning penaltichimiz Bruno Gimaraes hisoblanadi. Ammo u hozir menga ishonchni qaytarib olish zarurligini biladi», - deya Vinisiusning so‘zlarini keltiradi The Touchline.
Aytish joizki, Vinisius hozirda eng yaxshi sport formasida emas. Braziliyalik futbolchi ushbu mavsumda «Real» safida sakkizta o‘yinda atigi bitta gol urgan.













