Har to‘rt yilda kamida bir marta o‘tkazilishi belgilangan Liganing oliy rahbar organi — Umumiy yig‘ilish bugun — 2 oktyabr kuni soat 15:00 da boshlanadi. Unda Superliga va Pro liga klublarining har biridan bir nafardan delegat, shuningdek, O‘zbekiston futbol assosiasiyasidan bir nafar qonuniy vakolatli vakil ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq — 19 avgust sanasida Diyor Imomxo‘jayev Assosiasiya prezidenti taqdimnomasiga asosan Liga Ijroiya qo‘mitasi tomonidan O‘zPFL bosh direktorligiga keyingi to‘rt yil uchun tasdiqlangandi.
Bugungi Umumiy yig‘ilishda Liga Ijroiya qo‘mitasining yangi a’zolarini saylash, Nazorat-taftish komissiyasi tarkibi hamda ayrim o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilayotgan Liga Ustavining yangi tahririni tasdiqlash masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Shuningdek, Umumiy yig‘ilishda Superliga va Pro liga klublari rahbarlari ishtirok etayotganidan kelib chiqib, yana 3 ta masala bo‘yicha fikr almashish rejaga kiritilgan:
- 2027 yilgi mavsum ishchi taqvimi;
- yaqin kelajakda kuz-bahor formatiga o‘tish masalasi;
- professional futbol hakamligi sohasini isloh qilish.
Umumiy yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar haqida batafsil ma’lumot onlayn taqdim etib boriladi.













