"Real" hujumchisi Kilian Mbappe 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Ispaniya chempionatidagi "Vilyarreal"ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
AS nashri xabar berishicha, 5 oktyabr kuni ertalab hujumchi Ispaniya poytaxtiga yetib kelgan. Bu vaqtga kelib jamoaviy mashg‘ulot Valdebebasda boshlangani sabab Mbappe unda ishtirok etmagan.
Futbolchi kun davomida klub bazasiga borib, individual tayyorgarlikni davom ettirishi kutilmoqda.
Mbappe xalqaro tanaffus paytida Fransiya terma jamoasining birinchi o‘yinida jarohat olgan edi. Zarba olganidan so‘ng hujumchi chap tizzasida kuchli og‘riq his qilib, almashtirishni so‘ragan.
Qayd etilishicha, jarohat jiddiy emas va Mbappening "Vilyarreal"ga qarshi uchrashuvda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmaydi. Hujumchining asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda.













