«Manchester Yunayted» markaziy himoyachisi Leni Yoro Fransiya terma jamoasidagi debyut uchrashuvidan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
20 yoshli futbolchi Millatlar ligasi doirasida Belgiyaga qarshi kechgan bahsni to‘liq o‘tkazdi. Uchrashuv Fransiyaning 4:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
«Rostini aytsam, bundan yaxshirog‘ini orzu qilish qiyin edi. Belgiyaga qarshi uydagi o‘yin, oilam esa tribunalarda. Biz juda yaxshi o‘yin o‘tkazdik.
Albatta, gol o‘tkazib yubormaslikni istardik, ammo g‘alaba qozondik. Shuning uchun shikoyat qilishga hech qanday sabab yo‘q. Bu ajoyib hissiyot edi», — dedi Yoro Canal+ telekanaliga bergan intervyusida.
Fransiya terma jamoasi safida Dezire Due, Rayan Sherki va dubl qayd etgan Maykl Olise gol muallifi bo‘ldi.













