«Liverpul»ning sobiq sardori Stiven Jerrard agar jamoani Yurgen Klopp boshqarishini oldindan bilganida, klubda yana bir yil qolishga tayyor bo‘lganini tan oldi.
Afsonaviy yarim himoyachi 2015 yil yozida «qizillar» safini tark etib, «Los-Anjeles Gelaksi»ga o‘tgan edi. O‘sha yilning kuzida Brendan Rojers iste’foga chiqarildi va uning o‘rniga keyinchalik klub bilan ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan Yurgen Klopp tayinlandi.
«Klopp qo‘l ostida o‘ynash uchun ko‘p narsadan voz kechgan bo‘lardim. Menga yana bir yil qolish taklif qilingandi, ammo murabbiylar shtabi bilan suhbatda ancha kam o‘ynashim va asosan zaxirada qolishimni eshitdim.
Agar Yurgen jamoaga kelishini bilganimda, tavakkal qilib qolardim. Uni hayratda qoldirish va asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashib ko‘rgan bo‘lardim», — dedi 46 yoshli Jerrard TNT Sports bilan suhbatda.
Oradan bir yarim yil o‘tib, Stiven Jerrard futbolchilik faoliyatini yakunladi va murabbiylik sohasiga qadam qo‘ydi.













