Braziliyalik hujumchi Risharlison "Tottenxem" tarkibiga qaytmaydi. Bu haqda insayder Fabrisio Romano Men in Blazers podkastida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, futbolchi bilan "shporlar" bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi o‘rtasida yarashuv bo‘lishi amrimahol.
"De Dzerbi mavsum boshida Risharlison bilan gaplashib, unga yangi shartnomani muhokama qilishni taklif etganini aytganda yolg‘on gapirmagan. U futbolchini jamoada saqlab qolishni istagan. Ammo Risharlisonning o‘zi ketishni xohlagan", — dedi Romano.
Jurnalistning aytishicha, transfer oynasining so‘nggi kunlarida Risharlison "Everton"ga o‘tishdan bosh tortib, "Tottenxem" rahbariyatini qattiq norozi qilgan.
Klublar o‘zaro bog‘liq ikki transfer bo‘yicha kelishib olgan edi: Risharlison "Everton"ga o‘tishi, Ndiaye esa aksincha, "Tottenxem" safiga qo‘shilishi kerak edi. Ammo braziliyalik futbolchining rad javobidan keyin har ikki transfer ham amalga oshmay qolgan.
Romano ta’kidlashicha, katta ehtimol bilan "Tottenxem" yanvar oyida Risharlison bilan xayrlashadi.













