Italiyaning «Komo» klubi sport direktori Karlalberto Ludi jamoa yarim himoyachisi Nikolas Pas Lionel Messidan keyin Argentina milliy terma jamoasining 10-raqamli futbolkasini kiyishga munosib ekanini ta’kidladi.
39 yoshli Messi milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganidan so‘ng, uning afsonaviy 10-raqami kimga nasib etishi mumkinligi haqida fikrlar bildirilmoqda.
Ludining hisoblashicha, «Komo» safida to‘p tepayotgan Nikolas Pas ushbu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish uchun yetarli salohiyatga ega.
«Agar 10-raqam shunchalik muhim bo‘lsa va u munosib inson hamda juda kuchli futbolchiga nasib etishi kerak bo‘lsa, menimcha, Niko bu raqamni kiyishga qodir», — deya Ludining so‘zlarini keltiradi Goal nashri.
Shuningdek, «Komo» sport direktori jamoasining Italiya A Seriyasida chempionlik uchun kurashish imkoniyatlari haqida ham fikr bildirdi.
«Biz hozir chempionlik uchun kurashish haqida o‘ylamayapmiz. O‘tgan yili ham Chempionlar ligasiga chiqish haqida o‘ylamagan edik.
Biz bor e’tiborimizni kundalik ishimizga qaratganmiz va mavsum davomida maqsadlarimizni bosqichma-bosqich belgilab boramiz», — dedi Ludi.
Ma’lumot uchun, «Komo» ayni paytda Italiya chempionati turnir jadvalida 10 ochko bilan sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi.













