Madridning «Real» klubi markaziy himoyachisi Raul Asensio uzoq vaqtdan buyon bezovta qilib kelayotgan jarohati va nima sababdan jarrohlik amaliyotini kechiktirgani haqida gapirdi.
23 yoshli ispaniyalik futbolchi yaqinda boldir suyagida operasiya o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, himoyachi ancha vaqtdan buyon og‘riq bilan harakat qilib kelgan va jamoasiga yordam berish maqsadida jarrohlik amaliyotini ortga surgan.
Asensioning ta’kidlashicha, jarohat bilan bog‘liq muammolar bir yil avval boshlangan. Yanvar oyidan esa u faqat jarrohliksiz davolash usullari yordamida futbol o‘ynashda davom etgan.
«Hammasi bir yil avval boshlangan. Yanvar oyidan buyon suyagimning holatini faqat konservativ davolash usullari yordamida nazorat qilib keldik. Ammo og‘riq tobora kuchayib borardi.
Men qattiq azob chekardim, biroq to‘xtashni istamasdim. Chunki jamoa hamma narsadan muhimroq. Men uchun «Real» doimo birinchi o‘rinda turadi.
Keyin esa suyakdagi darz kengayib ketgan payt keldi. Shunda jarrohlik amaliyotidan boshqa chora qolmaganini tushundim», — deya Asensioning so‘zlarini keltiradi Madrid Xtra.
Ma’lumot uchun, Raul Asensio jarohati sababli joriy mavsumda hali birorta ham rasmiy uchrashuvda maydonga tushmadi.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, futbolchining to‘liq tiklanishi uchun ikki oydan to‘rt oygacha vaqt talab etiladi.













