Leverkuzenning «Bayer» klubi va Kamerun milliy terma jamoasi hujumchisi Kristian Kofane jamoasi bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatishga qaror qildi.
Bild nashrining xabar berishicha, 20 yoshli futbolchining bunday qaror qabul qilishiga Angliyaning «Manchester Yunayted» va «Arsenal» klublari tomonidan bildirilayotgan qiziqish sabab bo‘lgan.
Kofanening «Bayer» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Biroq Germaniya klubi iqtidorli hujumchini yanada uzoq muddatga jamoada saqlab qolishni rejalashtirgan edi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, kamerunlik futbolchi sentyabr oyida 2031 yilgacha amal qiladigan yangi shartnomani imzolashi kerak edi.
Yangi kelishuvga muvofiq, Kofanening yillik maoshi 1 million yevrodan 4 million yevrogacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shunday qilib, futbolchining daromadi to‘rt barobarga ko‘payishi mumkin edi.
Biroq «Manchester Yunayted» va «Arsenal»ning qiziqishi muzokaralar jarayonini murakkablashtirgan.
Ayniqsa, London klubi kamerunlik hujumchini o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ma’lum qilinishicha, «Arsenal» vakillari joriy yilning bahoridan buyon Kofane bilan aloqada bo‘lib kelmoqda.
Shu sababli 20 yoshli futbolchi hozircha «Bayer» bilan yangi shartnoma imzolashga shoshilmayapti.
Ma’lumot uchun, Kristian Kofane o‘tgan mavsumda barcha musobaqalar doirasida 44 ta uchrashuvda ishtirok etib, yettita gol urdi va to‘qqizta golli uzatmani amalga oshirdi.













