Madridning «Real» klubini tark etgan Dani Karvaxal hozircha yangi jamoa topgani yo‘q. Tajribali himoyachi faoliyatini «Xetafe»da davom ettirishi mumkin, biroq tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar oson kechmayapti.
So‘nggi kunlarda Ispaniya matbuotida 34 yoshli futbolchining «Xetafe»ga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mundo Deportivo nashrining Radio Marca radiostansiyasiga tayanib xabar berishicha, Karvaxal «Xetafe» bilan shartnoma imzolash uchun maoshini sezilarli darajada kamaytirishga tayyor.
Biroq ispaniyalik himoyachi yangi kelishuvga bitta muhim shart kiritilishini talab qilmoqda.
Unga ko‘ra, agar qishki transferlar davrida boshqa klubdan taklif kelib tushsa, Karvaxal «Xetafe»ni tark etish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
Futbolchi aynan shu bandning shartnomada aks ettirilishini istamoqda. Bu esa tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarni murakkablashtirayotgan omillardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Dani Karvaxal 2012/13 yilgi mavsumda Germaniyaning «Bayer» klubida ijara asosida to‘p tepgan.
Faoliyatining qolgan asosiy qismini esa Madridning «Real» klubida o‘tkazgan. Tajribali himoyachi ayni paytda erkin agent maqomiga ega.













