Milanning «Inter» klubi yarim himoyachisi Kyortis Jons jarohat oldi. Angliyalik futbolchi Italiya A Seriyasi doirasida «Parma»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan safdan chiqdi.
«Inter» matbuot xizmati 25 yoshli futbolchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.
«Kyortis Jons bugun ertalab Rossano shahridagi Humanitas tibbiyot institutida klinik va instrumental tekshiruvlardan o‘tdi.
Tekshiruvlar natijasida uning o‘ng sonidagi yaqinlashtiruvchi mushaklar sohasida miofassial cho‘zilish aniqlandi.
Futbolchining holati yaqin kunlarda qayta baholanadi», — deyiladi «Inter»ning rasmiy bayonotida.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, angliyalik yarim himoyachining tiklanishi uch haftagacha davom etishi mumkin.
Shu sababli Jons «Inter»ning «Parma», «Bryugge», «Bolonya», «Fiorentina», «Shaxtyor» va «Venesiya»ga qarshi bo‘lajak uchrashuvlarini o‘tkazib yuborishi kutilmoqda.
Shuningdek, futbolchining Italiya chempionati doirasida «Milan»ga qarshi o‘tkaziladigan derbida ishtirok etishi ham so‘roq ostida qolmoqda.













