Londonning «Arsenal» klubi markaziy yarim himoyachisi Maks Douman 2025/2026 yilgi mavsumda qayd etgan tarixiy natijalari uchun Ginnesning rekordlar kitobi tomonidan uchta rasmiy sertifikat bilan taqdirlandi.
16 yoshli angliyalik futbolchi Yevropa futbolining nufuzli musobaqalarida bir qator yosh rekordlarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Xususan, Douman 15 yoshu 308 kunligida maydonga tushib, UYEFA Chempionlar ligasi tarixida ishtirok etgan eng yosh futbolchiga aylandi.
Shuningdek, u 16 yoshu 73 kunligida Angliya Premyer-ligasida gol urib, musobaqa tarixidagi eng yosh to‘purar sifatida rekord o‘rnatdi.
Bundan tashqari, Douman 16 yoshu 144 kunligida Angliya Premyer-ligasi chempioni bo‘lib, ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan eng yosh futbolchi sifatida ham tarixga kirdi.
Dunyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari qatorida
Maks Douman Ginnesning rekordlar kitobi tomonidan tayyorlangan «2027 yil avlodi» (Class of 2027) ro‘yxatiga ham kiritildi.
Mazkur ro‘yxatga erkaklar va ayollar futbolidagi eng yorqin 30 nafar yosh iste’dod jamlangan. U Football Edition 2027 nomli maxsus futbol nashri uchun tuzilgan.
Douman bilan bir qatorda «Barselona» qanot hujumchisi Lamin Yamal, «Manchester Siti» yarim himoyachisi Ayub Buaddi va «Chelsi» darvozaboni Hanna Xempton ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan.
Uchta rekord uchun maxsus taqdirlash marosimi
Kitob nashr etilishi arafasida Ginnesning rekordlar kitobi hakami Keytlin Xayem «Arsenal»ning mashg‘ulotlar bazasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida u Maks Doumanga uchta tarixiy rekordi uchun rasmiy sertifikatlarni topshirdi.
Shuningdek, yosh futbolchiga Football Edition 2027 kitobining bir nusxasi ham taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur nashrda jahon futbolida o‘rnatilgan yuzlab yangi rekordlar haqidagi ma’lumotlar jamlangan.













