«Liverpul» va «Milan»ning sobiq qanot hujumchisi Fabio Borini futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.
«Men hech qachon ishonishdan to‘xtamagan o‘sha yigitga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bugungi kunga kelib shakllangan inson esa keyingi imkoniyatga ishonishda davom etadi. Bu safar oyoqlarida to‘psiz, ammo xuddi avvalgidek ishonch bilan. Har doim. Rahmat, futbol», — deb yozdi Borini Instagram sahifasida.
35 yoshli Borini faoliyatini «Chelsi»da boshlagan va klubning asosiy jamoasi safida atigi 8 ta uchrashuv o‘tkazgan.
Keyinchalik u «Suonsi», «Parma», «Roma», «Liverpul», «Sanderlend», «Milan», «Verona», «Fatix Karagyumryuk» va «Sampdoriya» klublarida to‘p surdi.
Borini «Liverpul» safida 38 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urgan va 3 ta golli uzatmani amalga oshirgan. «Milan»da esa 75 ta uchrashuvda 8 ta gol va 6 ta golli uzatma qayd etgan.
2025 yil oktyabr oyida Borini Angliyaning kuch jihatidan to‘rtinchi divizionida ishtirok etuvchi «Solford» klubiga o‘tdi. Ushbu jamoa futbolchining professional faoliyatidagi so‘nggi klubi bo‘ldi.
Fabio Borini 2012 yil Ukraina va Polshada bo‘lib o‘tgan Yevro-2012 turniri finaliga qadar yetib borgan Italiya terma jamoasi tarkibiga kiritilgan. «Skuadra Adzurra» safida futbolchi 1 ta uchrashuv o‘tkazgan.













