O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini salomatligi bilan bog‘liq muammolar sabab tark etgan ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes "Pulpis" O‘zbekiston futzal federasiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov nomiga maktub yo‘lladi.
Mendes o‘z maktubida O‘zbekistondagi faoliyatini shartnomada belgilangan muddatdan oldin yakunlashga majbur bo‘layotganidan afsusda ekanini bildirdi.
"O‘zbekiston futzal federasiyasining ishonchi hamda Sizning taklifingiz bilan milliy terma jamoa boshqaruvini katta umid va ezgu niyatlar bilan qabul qilgan edim.
Biroq, mutlaqo kutilmaganda sog‘lig‘im bilan bog‘liq jiddiy muammo tufayli shartnomada belgilangan muddatdan ancha oldin O‘zbekistondagi faoliyatimni yakunlayotganimdan afsusdaman. Shifokorlarning tavsiyasi va talabi bilan ma’lum muddat professional sportdan uzoqlashishim hamda jiddiy davolanish kursini o‘tashim zarur", — deyiladi maktubda.
Ispaniyalik mutaxassis qisqa vaqt davomidagi hamkorlikni yuqori baholab, kelgusida ham O‘zbekiston milliy terma jamoasini kuzatib borishini ta’kidladi.
"Men masofadan turib bo‘lsa-da, milliy terma jamoaning bundan keyingi faoliyatini kuzatib, unga muxlislik qilib boraman.
Ishonchim komilki, sizlar albatta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritasizlar. Biz ishonch bildirgan yigitlar o‘zbek futzali muxlislariga hali ko‘plab quvonchli va unutilmas lahzalarni taqdim etadi", — deb yozdi Mendes.
Shuningdek, u kelgusida terma jamoaning yangi murabbiylar shtabiga zarur bo‘lsa, maslahat va yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
"Bo‘lajak murabbiylar shtabiga mening yordamim yoki maslahatim kerak bo‘lsa, hamisha ko‘mak berishga tayyor ekanligimni ma’lum qilmoqchiman.
Meni tushunganingiz va iste’fomni qabul qilganingiz uchun Sizga yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Sizga hamda o‘zbek futzaliga ulkan zafar, muvaffaqiyat va omad yor bo‘lishini tilayman", — deya maktubini yakunlagan Xose Mariya Mendes.













