Myunxenning «Bavariya» klubi yosh futbolchisi Lennart Karl navbatdagi shartnomasini uzaytirganida maoshi sezilarli darajada oshishi mumkin.
Bu haqda SPORT BILD nashri xabar bermoqda.
Ayni paytda 18 yoshli futbolchi yiliga taxminan 2 million yevro maosh oladi. Biroq u o‘ng qanotda jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylana olsa, bu miqdor keskin oshishi mumkin.
«Bavariya» kelajakda Karlga bir mavsum uchun 10 milliondan 14 million yevrogacha maosh taklif qilishi ehtimoldan xoli emas.
Bunday holatda u Maykl Olise va Luis Dias kabi jamoaning taniqli futbolchilari bilan bir xil maosh toifasiga kiradi.
Bu masalada Karlning futbolchi sifatidagi rivojlanishi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Hozircha «Bavariya»ning o‘ng qanotdagi asosiy tanlovi Maykl Olise bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, uning Myunxen klubida uzoq muddat qolishi kutilmoqda.
Shu sababli klub rahbariyati Karlning kelgusi yillarda jamoada qanday o‘rin egallashini aniqlab olishi kerak.
Ayni paytda yangi shartnoma masalasida shoshilishga hojat yo‘q. Chunki yosh futbolchining amaldagi kelishuvi 2029 yilgacha mo‘ljallangan.
Biroq Karlning tez sur’atlarda rivojlanayotgani Yevropaning bir qator yirik klublari e’tiborini tortgan.
Shu bois «Bavariya» futbolchining transfer bozoridagi qiymati yanada oshishidan avval uning kelajagini klub bilan bog‘lashga intilishi mumkin.













