Angliyaning “Manchester Siti” klubidan moliyaviy qoidalarni buzgani uchun jiddiy jazoga tortilishi mumkin. Bu haqda TalkSPORT nashri xabar bergan.
Ayni paytda mutaxassislar “shaharliklar”dan 60 ochko olib tashlash variantini ko‘rib chiqmoqda. Bunday jazo jamoaning turnir jadvalidagi o‘rniga jiddiy ta’sir qilishi mumkin, ammo uning APLda qolish imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqarmaydi. Sanksiya joriy mavsumda emas, kelasi mavsumda qo‘llanishi mumkin.
Jurnalist Alan Brazil esa muxlislar bundan-da qat’iyroq jazoga tayyor turishlari kerakligini aytgan. Shu bilan birga, u 60 ochko olib tashlanishi jamoa avtomatik ravishda quyi divizionga tushib ketadi, degani emasligini alohida ta’kidlagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, APLda jon saqlab qolish uchun jamoaga o‘rtacha 37—39 ochko yetarli bo‘lishi mumkin. Demak, shunday yirik jarimaga tortilgan taqdirda ham manchesterliklarda elitada qolish uchun ehtimoliy imkoniyat saqlanib qoladi. Qolaversa, bunday og‘ir vaziyatda jamoaning asosiy yulduzlari ligada qolish uchun kurashni o‘ziga xos chellenj sifatida qabul qilib, inqiroz paytida klubni tark etmasligi ham talab etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda “Manchester Siti” Angliya Premyer Ligasi turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Jamoa o‘tkazilgan dastlabki beshta turdan so‘ng yuz foizlik natija qayd etib, 15 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Ikkinchi pog‘onadan esa 12 ochkoga ega bo‘lgan “Arsenal” joy olgan.













