Portugaliya futbol federasiyasi (FPF) prezidenti Pedru Proensa milliy terma jamoa hujumchisi Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
"Biz barchamiz muzokaralar stoli atrofida o‘tiribmiz. Sardorimizni terma jamoaga qaytarish istagi juda kuchli.
Odatdagi intizomiy jarayon o‘tkaziladi. Mustaqil organlar vaziyatga baho beradi.
Ayni paytda, eng avvalo, Portugaliya futbol federasiyasi tomonidan sardorimizni imkon qadar tezroq qaytarish istagi mavjudligini ko‘rib turibmiz.
Bu istakni milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi ham bildirgan. U sardorimiz maydonga tushishga tayyor ekan, biz bilan birga bo‘lishini aytdi.
Shunday ekan, hozir barchani xotirjamlikka va vaziyatga bosiqlik bilan yondashishga chaqirish vaqti keldi.
Biz o‘z ishimizni bajaryapmiz, chunki bu barchamizning umumiy istagimiz", — deya Proensaning so‘zlarini keltiradi Record nashri.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu Millatlar ligasining 3-turida Daniyaga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv (4:2) oldidan Portugaliya terma jamoasi qarorgohini tark etgan edi.
Bu holat bosh murabbiy Jorje Jezush jamoada hech qanday mojaro yo‘qligini ta’kidlaganiga qaramay sodir bo‘lgan.













