Italiyaning «Roma» klubi o‘ng qanot himoyachisi Emanuele Lulli Fransiyaning «PSJ» hamda Angliya Premyer-ligasining bir qator top-klublari e’tiboriga tushdi.
Insayder Ekrem Konurning xabar berishicha, 19 yoshli italiyalik futbolchining rivojlanishini «Chelsi», «Arsenal», «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» klublari diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Xorijiy grandlar tomonidan qiziqish ortib borayotgan bir paytda «Roma» istiqbolli himoyachisini o‘z safida saqlab qolish niyatida. Rimliklar futbolchi bilan yangi shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda.
Transfermarkt portali Lullining transfer qiymatini 8 million yevroga baholamoqda.
Ayni paytda 19 yoshli himoyachining «Roma» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.













